“SheSCIENCE 2026” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
“11-fevral – Xalqaro ilm-fandagi ayollar kuni” munosabati bilan “SheSCIENCE 2026” Markaziy Osiyo olima ayollari xalqaro konferensiyasi tashkil etildi.
Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda qator hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilib, mintaqadagi olima ayollarni birlashtirish, ularning salohiyatini oshirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlaridan 200 nafarga yaqin olima ayollar ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida “Mo‘tabar ayol – 2025” va “Olima ayol – 2025” milliy grant tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Quvonarli jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Immunologiya va inson genomikasi instituti direktori, akademik Aripova Tamara Uktamovna “Mo‘tabar ayol – 2025” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.